Raqamli suhbatlar va yozishmalaringizni maxfiy saqlang

An illustration of two people inside the two phone screens conversing.

Raqamli suhbatlar shaxsiy va professional hayotimizning muhim bir qismiga aylandi. Biz WhatsApp yoki Skype orqali do’stlarimiz va oila a’zolarimizga qo’ng’iroq qilamiz, Facebook messenjerida sinfdoshlarimiz bilan suhbatlashamiz va shaxsiy elektron pochta, o’qish yoki ish uchun mo’ljallangan elektron pochta akkauntlarimizdan elektron xatlar yuboramiz. Shuningdek, biz mobil telefon orqali boshqalar bilan SMS xabarlar almashamiz va onlayn forumlarda bizga notanish odamlar bilan bahslashamiz.

Ushbu suhbatlarimizning hammasi bir nechta routerlar, serverlar va kabellarni o’z ichiga olgan murakkab Internet infratuzilmasidan o’tadi. Havaskor xakerlardan tortib zamonaviy ilg’or texnologiyalar bilan johozlangan internet provayderlargacha bo’lgan turli xil tashkilotlar yoki shaxslar bu suhbat va yozishmalarimizni ushbu nuqtalarning istalganida qo’lga kiritishi va yashirin tinglashi mumkin. Qaysi raqamli aloqa texnologiyasidan foydalanishingizdan qatʼiy nazar, quyidagi tavsiyalar onlayn suhbatlaringizni maxfiy va xavfsiz saqlashingizda qo’l keladi.

1. Ochiq kodli shifrlangan kanallardan foydalaning

Siz mavjud bo’lgan ko’plab elektron pochta xizmatlari va xabar almashish ilovalaridan birini tanlashingiz mumkin. Ammo shuni yodda tutingki, ularning hammasi ham suhbatlaringiz maxfiyligi va xavfsizligini bir xil darajada ta’minlamaydi.

Agar raqamli suhbatlaringiz va yozishmalaringiz faqatgina siz va siz muloqot qilayotgan odamlar oʻrtasida maxfiy qolishini xohlasangiz, ikki yoqlama shifrlash xizmati mavjud bo’lgan ilova va xizmatlardan foydalaning. Yuqorida ta’kidlanganidek, sizning raqamli suhbatlaringiz murakkab infratuzilma orqali o’tadi va turli shaxslar yoki tashkilotlar istalgan bir nuqtada ularni qo’lga olishi mumkin. Shuning uchun, xabarlaringizni himoya qilishning yagona ishonchli yo’li – bu sizning devaysingizdan chiqadigan barcha ma’lumotni shifrlaydigan (ya’ni, murakkab kodga aylantiradigan) va ma’lumot qabul qiluvchining qurilmasiga yetib bormaguncha uning shifrini ochmaydigan ilovalar va xizmatlardan foydalanishdir. Shifrlangan elektron xabar yoki qo’ng’iroq sizning qurilmangiz va qabul qiluvchi o’rtasida qayerdadir yozib olingan taqdirda ham, uni qo’la tushirgan shaxslar tushunarsiz va ma’nosiz bo’lgan belgilarni ko’radi holos.

Shuningdek, xususiy tijorat mahsulotlaridan (xususiy mulkchilik) ko’ra ochiq manbali ilovalardan foydalanishni tanlashingiz yaxshiroq. Agar dasturiy ta’minotning kodi hamma ko’rishi uchun ochiq bo’lsa, u ochiq manba hisoblanadi. Bu mustaqil ekspertlar va yuqori texnik malakali foydalanuvchilar ilovani tashkil etuvchi kodni tekshirishlari, undagi zaifliklarni aniqlashlari va tuzatishlari hamda ilova qay darajada foydalanuvchi maʼlumotlarini himoya qilishini koʻrishi mumkinligini anglatadi.

ProtonMail elektron pochta aloqalaringizni himoya qilish uchun ikki yoqlama shifrlangan va ochiq manbali bepul elektron pochta xizmatini taklif qiladi. Eng xavfsiz, ochiq kodli ikki yoqlama shifrlangan bepul messenjerlar Wire va Signal mesenjerlaridir. Agar siz Telegram mesenjeridan foydalanayotgan bo‘lsangiz, maxfiy chatlar funksiyasidan foydalaning (oddiy Telegram chatlari ikki yoqlama shifrlanmagan).

2. Qurilmalaringizni himoyalang

Ikki yoqlama shifrlash siz va qabul qiluvchi o’rtasidagi suhbatlaringizni yetkazish jarayonida yozib olinishi yoki tinglanilishidan himoya qilsa-da, u raqamli aloqangizni sizning yoki qabul qiluvchining qurilmasidagi qo’lga olish yoki nazorat qilishdan himoya qila olmaydi. Masalan, qurilmangizni qarovsiz qoldirganingizda yoki uni yo’qotib qo’yganingizda va qurilmada avtomatik ekran qulfi yoqilmagan bo’lsa raqamli sihbatlaringizni boshqalar bemalol qo’lga kiritishi mumkin. Bu sizning qurilmangiz zararli dastur bilan zararlanganda ham sodir bo’lishi mumkin. Qurilmangizdagi ko’zga ko’rinmas zararli dastur, boshqa ma’lumotlar qatori, klaviaturada terilgan har bir matnni yozib olishi va uni kimgadir yuborishi mumkin.

Qurilmangizdagi dasturiy ta’minot va apparat vositalarni doimo yangilab boring. Qurilmalaringiz ekrani blokirovkasini undan qisqa muddat foydalanilmaganda avtomatik ishga tushadigan qilib sozlang. Shaxsiy ish stoli kompyuteri va noutbukda albatta antivirus dasturini o’rnating. Qurilmalaringizni (va raqamli suhbatlaringizni) himoyalash haqida bu yerda qo’shimcha ma’lumot oling.

3. SMS xabarlardan foydalanmang

Ko’pchilik o’z telefonida matn almashish uchun foydalanadigan qisqa xabarlar xizmati (SMS) bugungi kunda eskirgan bo’lib, uni xavfsiz deb hisoblash mumkin emas. Avvalambor, SMS xabarlari shifrlanmagan. Ko’pincha, hech qanday ilg’or texnologiya vositalarisiz ham osonlikcha ularni eshitish mumkin. Ikkinchidan, bu xabarlarda jo’natuvchi va qabul qiluvchi shaxsini aniqlash mumkin bo’lgan metama’lumot mavjud. Uchinchidan, SMS xabarlarini soxtalashtirish, ya’ni SMS tanishingizdan kelgandek qilib ko’rsatish juda oson. Shuning uchun ma’lum bir SMS xabari aynan kimdan kelganini aniqlash qiyin. Va nihoyat, uyali aloqa provayderlari SMS xabarlarni va ularning metama’lumotlarini uzoq vaqt, hattoki ba’zan abadiy saqlaydi. Bunday holatlar suhbatlaringiz sizning ma’lumotingiz yoki roziligingizsiz boshqalar tomonidan ko’rilishi ehtimolini oshiradi.

Agar siz boshqalar bilan almashayotgan xabarlaringiz maxfiy saqlanishini xohlasangiz, yuqorida ta’kidlaganimizdek ikki yoqlama shifrlangan xabar almashish ilovasidan foydalaning. Imkon bo’lmagan hollarda, SMS xabarlari o’rniga Android yoki Apple-ning oldindan o’rnatilgan xabar almashish xizmatlaridan foydalaning.

Apple qurilmasi

  • Apple qurilmasida iMessage ilovasini standart xabar almashish tizimi qilish uchun Sozlamalar > Xabarlar-menyusiga o‘ting va iMessage ilovasini yoqing. Ushbu sozlama yoqilganda, siz shifrlangan aloqa orqali boshqalarga iPhone, iPad yoki Mac kompyuterlaridan foydalangan holda matnli xabar, fotosurat, video va audio fayllar yuborishingiz mumkin.

Android qurilmasi

  • Ko’p yangi Android qurilmalari Google-ning ma’lumotlar tizimiga asoslangan «Xabarlar» xabar almashish ilovasi ularda avvaldan o’rnatilgan holda beriladi. Agar Android qurilmangizda «Xabarlar» ilovasi mavjud bo‘lmasa, uni Play Store do‘konidan yuklab oling. Xabarlarni birlamchi xabar almashish ilovasi qilish uchun menyuda Sozlamalar > Ilovalar va bildirish > Qo’shimcha sozlamalar > Birlamchi ilovalar > SMS ilovasi bandiga boring. Keyin birlamchi xabarlar almashish ilovasi sifatida «Xabarlar» ilovasini tanlang.
  • «Xabarlar» ilovasi orqali shiflangan xabarlarni yuborish uchun chat funksiyalarini yoqishingiz kerak. Buning uchun qurilmangizdagi Xabarlar ilovasini oching va yuqori oʻng burchakdagi uchta vertikal nuqtani bosing. Sozlamalar > Chat funksiyalari bandini tanlang. Chat funksiyalarini yoqish bandini «Yoniq» holatiga o’zgartiring.
  • Agar “Xabarlar” ilovasi siz yashab turgan mamlakat yoki qurilmangizda uchun mavjud boʻlmasa, biz yuqorida ta’kidlagan ikki yoqlama shifrlash xabar almashish ilovalarini biridan foydalaning.

4. Eski xabarlarni o‘chiring

Qurilmangizdagi matnli xabar, foto va video xabarlarni begona ko‘zlardan himoyalashning yana bir yo’li eski xabarlarni muntazam ravishda o‘chirishdir. Shunda siz qurilmangizni yoʻqotsangiz yoki u oʻgʻirlansa (yoki kimdir sizni qurilmangiz ekran qulfini ochishga majburlasa) boshqalar sizning yozishmalaringizni koʻrа olmasligiga ishonch hosil qilasiz. Eski xabarlarni o’chirish qurilmangiz xotirasidagi joyni ham tejaydi.

Qurilmangizni eski xabarlarni avtomatik ravishda o’chirishga sozlash qo’yish ham yaxshi g’oya. Afsuski, bu funksiya Android qurilmalaridagi Google «Xabarlar» ilovasida mavjud emas. Demak, siz Android qurilmasidan foydalansangiz, eski xabarlarni muntazam ravishda o’zingiz o’chirib borishingiz kerak.

iPhone yoki iPad qurilmalarida eski xabarlarni avtomatik tarzda o‘chirishni sozlash uchun Sozlamalar > Xabarlar menyusiga o‘ting.  XABARLAR TARIXI  pastki bandiga tushib  Xabarlarni saqlash  bandini bosing. 30 kundan ortiq eski xabarlarni oʻchirish uchun 30 kun-bandini tanlang. Ushbu sozlama yoqilgan boʻlsa, qurilmangiz 30 kundan keyin barcha xabarlarni avtomatik ravishda oʻchiradi. Eng qisqa avtomatik o’chirish muddat 30 kun, agar siz xabarlar 30 kundan qisqaroq muddatda o’chirilishini xohlasangiz, xabarlarni oz’ingiz o’chirishingiz kerak bo’ladi.

Esda tuting, siz qurilmangizdagi xabarlarni o’chirganingizda, xabarlar siz ularni yuborgan odamlarning qurilmalaridan o’chirilmaydi.

5. O’chib ketuvchi xabarlardan foydalaning

Ko’p xabar almashish ilovalari ma’lum vaqtdan keyin yoki ular qabul qilivchi tomonidan ko’rilganidan keyin o’chib ketadigan xabarlar yuborish imkonini beradi. Bu qurilmangizni kimdir buzib kirganida yoki u o’g’irlanganida (yoki kimdir sizni qurilmangiz ekran qulfini ochishga majburlaganida) xabarlaringiz begona ko’zlardan himoyalanganligini kafolatlaydi. Bundan tashqari bu funksiya qabul qiluvchining qurilmasi begona qo‘llarga tushganida ham xabarlaringizni himoyalaydi ya’ni sizning xabarlaringiz qurilmadan o’chib ketganligi tufayli hech kim ularga kira olmaydi.

Matnli xabarlar, fotosuratlar yoki video fayllar yuborishda o’chib ketuvchi xabarlar funksiyasidan foydalanishni qat’iy tavsiya etamiz. Yodda tuting, xabarlaringizni ma’lum vaqtdan so’ng yoki ularni qabul qiluvchi o’qib bo’lgan zahoti o’chib ketadigan qilib sozlash, ushbu xabarlarni nusxalash va o’z qurilmasida saqlab qo’yishini oldini olmaydi.

6. Ishonchli, kuchli parollar va ikki faktorli autentifikatsiyadan foydalaning

Har bir elektron pochta va xabar almashish ilovasi akkauntini taxmin qilib topib boʻlmaydigan yoki buzib boʻlmaydigan parol bilan himoyalang. Parol kamida 12 ta belgidan, jumladan katta va kichik harflar, raqamlar va maxsus belgilardan iborat bo’lsa, kuchli hisoblanadi. Eng kuchli parollarda esa ushbu belgilar tasodifiy kombinatsiyada bo’ladi. Ishonchli va kuchli parollar yaratish haqida bu yerda qo’shimcha ma’lumot olishingiz mumkin.

Har bir akkaunt uchun albatta takrorlanmas paroldan foydalaning. Nima uchun turli akkauntlar uchun bir xil yoki oʻxshash parollardan foydalanish yaxshi fikr emasligi haqida batafsil oʻqing. Qiyin va takrorlanmas parollarni yodda saqlash haqida bosh qotirmasangiz ham bo’ladi. Ularni «eslab qolish» va xavfsiz saqlash uchun Parol Menejeridan foydalanishingiz mumkin.

Afsuski, hatto eng kuchli parollar ham o’g’irlanishi yoki buzib kirilishi mumkin. Shuning uchun elektron pochta va xabar almashish akkauntlaringizni himoyalash uchun ikki faktorli autentifikatsiyadan (2FA) foydalanish muhim. Ikki faktorli autentifikatsiyadan foydalanish parol kiritishdan tashqari, qo’shimcha tarzda shaxsingizni tasdiqlashingiz kerakligini anglatadi.

2FA dan foydalanishning eng xavfsiz usuli bu sizning smartfoningizga vaqtinchalik raqamli kodlarni yaratib beruvchi ilovani o’rnatishdir. Ijtimoiy tarmoq akkauntiga kirish uchun parolni kiritganingizdan so’ng darhol bunday kodni kiritishingiz kerak bo’ladi. Onlayn akkauntlarni himoyalash uchun ikki faktorli autentifikatsiyadan qanday foydalanish haqida batafsil oʻqing.

7. Yuborishdan oldin o’ylab ko’ring (Yetti o’lchab, bir kes)

Bu oddiy masala: matnli xabar, fotosurat yoki video xabar yuborishdan oldin, kun kelib uni yuborganingizdan afsuslanasizmi yoki yo’qmi yaxshilab o’ylab ko’ring. «Yuborish» tugmasini bosganingizdan so’ng, ko’pincha yuborilgan xabar ustidan nazoratni yo’qotasiz. Agar kim bilandir o’ta shaxsiy yoki maxfiy mavzuni muhokama qilishingiz zarur bo’lsa, eng yaxshi u bilan yuzma-yuz uchrashib gaplashing.