Kompyuterni himoyalash

An illustration of a laptop protected in a glass bubble and surrounded by stanchions.

Ish stoli kompyuteri, noutbuk va planshet kabi shaxsiy kompyuterlar internetga kirish va turli onlayn xizmatlardan foydalanishimiz uchun muhim vositalardir. Shuningdek, ular yordamda biz boshqalar bilan muloqot qilish va ma’lumotlar yaratish, saqlash va almashish imkoniyatiga egamiz.

Kompyuteringizni o’g’irlanishi, xakerlar tomonidan buzib kirilishi yoki uni yo’qotish oqibatida jiddiy professional, moliyaviy muammolarga duch kelishingiz va bu obro’ngizga putur yetkazishi ham mumkin. Shuning uchun, qurilmangizni qanday ishonchli himoya qilishni bilish juda muhim.

Ushbu maqoladagi maslahatlar umuman olganda shaxsiy kompyuterlarni himoyalash bilan bog’liq. Agar siz kompyuterdagi ma’lumotlarni himoyalash haqida o’rganmoqchi bo’lsangiz, veb-saytimizning Mening maʼlumotlarim boʻlimida koʻplab resurslarni topishingiz mumkin.

1. Faqat litsenziyalangan dasturlardan foydalaning

Dasturiy ta’minot har doim ham arzon emas. Shu boisdan ko’pincha kompyuteringizga litsenziyasiz yoki «qaroqchilik» dasturlarni o’rnatish vasvasasi bor.

Biroq kompyuteringizga bunday dasturiy ta’minotni o’rnatish nafaqat noqonuniy, balki xavfli hamdir. Qaroqchilik dasturlari haqiqiy (original) ilovalarning eski versiyalari asosida yaratiladi. Ana shu eski versiyalar qo’llanilganidan beri, ushbu ilovalardagi yuzlab yoki ehtimol minglab xatolar va muhim zaifliklar ishlab chiquvchilar tomonidan aniqlangan va tuzatilgan. Agar siz ana shu eski versiyalarga asoslangan «qaroqchilik» dasturlaridan foydalansangiz, ulardagi xato va zaifliklarni bartaraf etish uchun chiqarilgan yangilanishlarning aksariyatini qo’llay olmaysiz.

Bundan tashqari qaroqchilik dasturiy ta’minotiga ko‘pincha allaqachon zararli kod joylangan bo’ladi. Shunday qilib, litsenziyasiz ilovalardan foydalanib, siz qurilmangiz va undagi hamma ma’lumotlaringizga kiberjinoyatchilar kirishi uchun virtual eshik qoldirasiz.

Ayniqsa kompyuteringizdagi operatsion tizim va antivirus dasturlari kabi eng muhim dasturiy ta’minotning original versiyalaridan foydalanish juda muhim. Agar sizda boshqa pulli dasturiy ta’minotni xarid qilish imkoniyati bo’lmasa, har doim ularning ochiq manbali bepul alternativlarini topishingiz mumkin.

2. Dasturiy ta’minotni faqat ishonchli manbalardan yuklab oling

Kiberjinoyatchilar ko‘pincha haqiqiy ilovaga o‘xshash, biroq ichiga zararli dasturlar joylashtirilgan dasturiy ta’minotni tarqatadilar. Bunda dasturiy ta’minotni o‘rnatganingizda, siz qurilmangiz va undagi hamma ma’lumotlaringizga kiberjinoyatchilar kirishi uchun virtual eshik qoldirasiz.

Shuning uchun, dasturiy ta’minot va yangilanishlarni har doim rasmiy ilovalar do’konlaridan (Windows qurilmalari uchun Microsoft Store va Mac qurilmalari uchun App Store) yoki bevosita ilovalar va ularning yangilanishlarini chiqaruvchi kompaniyalarning veb-saytidan yuklab oling. Masalan, Adobe Acrobat Reader dasturini begona uchinchi tomon veb-saytlaridan emas, balki to’g’ridan-to’g’ri Adobe saytidan yuklab oling.

Agar siz yangi yoki ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan ilovani yuklab olmoqchi bo‘lsangiz, bu ilovani o‘rnatish va undan foydalanishning xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilish uchun avval foydalanuvchilarning fikrlari bilan tanishishingiz to’g’ri bo’ladi.

3. Dasturiy ta’minotni muntazam ravishda yangilab boring

Dasturiy taʼminot yangilanishlari yordamida odatda xavfsizlikning eng so’nggi zaifliklari tuzatiladi.

Ilovalar tarkibida ko’pincha o’n minglab kod satrlari bor. Xakerlar har bir kod satrini ko’rib chiqadi va ko’pincha ilovalar va operatsion tizimlarning xavfsizlik tuynuklarini ya’ni «zaifliklarini» topadilar. Zaiflikni topgach, xakerlar qurilmangiz ustidan nazoratni qo’lga kiritish yoki ma’lumotlaringizni o’g’irlash uchun undan foydalanuvchi zararli dasturlarni yaratadi. Bunday zaifliklar aniqlanganidan so’ng, ishlab chiquvchilar zaifliklarni bartaraf etuvchi tuzatishlarni (patch) yaratadilar va ularni dasturiy ta’minot yangilanishlarida chiqaradi. Biroq tegishli zaiflik tuzatishlari o‘rnatilgunicha xakerlar bu zaifliklardan foydalanib qolishlari mumkin. Shuning uchun, dasturiy ta’minot yangilanishlarini chiqarilishi bilanoq o’rnatish juda muhim.

Ayniqsa, operatsion tizim va antivirus dasturlarini doimo yangilanib turish muhim. Avtomatik yangilash funksiyasini yoqish kompyuteringizdagi dasturiy ta’minot uchun barcha muhim tuzatishlarni (patch) chiqarilgan zahoti yuklab olish va oʻrnatilishini kafolatlaydi. Agar siz kompyuteringizdagi boshqa ilovalar uchun avtomatik yangilashni yoqishni xohlamasangiz, hech bo’lmaganda bir oyda bir marta yangilanishlarni tekshirishingiz va o’rnatishingiz kerak.

Ko’p yangilanishlar kompyuteringizni qayta ishga tushirganingizdan keyingina qo’llaniladi. Shuning uchun ham yangilanishlarni o‘rnatgandan so’ng, tizim talab qilganida kompyuteringizni qayta ishga tushiring.

Windows 10 tizimi avtomatik yangilanishlarini sozlash, boshqa ilovalar uchun yangilanishlarni tekshirish va Microsoft Store Windows 10 tizimidagi qurilma ilovalarini avtomatik yangilashi funksiyasini sozlash uchun ushbu qoʻllanmaga amal qiling.

4. Ishonchli antivirus dasturidan foydalaning

Antivirus kompyuterning zararli dasturlar bilan zararlanishini oldini oladi. Agar kompyuter allaqachon zararlangan bo’lsa, antivirus zararli dasturlarni aniqlaydi va uni kompyuteringizdan olib tashlaydi. Shuning uchun kompyuteringizga ishonchli antivirus dasturining o‘rnatilgan bo‘lishi va uning doimo ishlab turishi juda muhimdir. Siz hech bo’lmaganda bir oyda bir marta kompyuteringizni antivirus bilan toʻliq tekshirishingiz (skanerlash) kerak.

Afsuski, bepul antivirus dasturlarining aksariyati kompyuteringizni samarali himoya qilmaydi. Ta’kidlash kerakki, Microsoft Windows operatsion tizimi ichidagi Microsoft Defender antivirusi bundan istisno. To’g’ri sozlanganda (konfiguratsiya qilingan), Microsoft Defender boshqa tan olingan va keng qo’llaniladigan ko’plab antivirus platformalaridan ko’ra yaxshiroq ishlaydi.

Zararli dasturlar juda tez rivojlanadi. Antivirus dasturi va antivirus ma’lumotlar bazalari uchun avtomatik yangilash funksiyasi yoqilganligiga amin bo’ling.

5. Kompyuteringizni parol bilan himoyalang va ekranni qulflash rejimini yoqing

Siz kimdir fayllaringizni titkilashi, yo’qligingizda josuslik dasturlari o’rnatishini xohlamaysiz. Kompyuteringizni taxmin qilib topish qiyin bo’lgan kuchli parol bilan himoyalang. Kompyuter foydalanilmaganida qisqa muddatda kompyuterning ekranini avtomatik ravishda qulflash rejimini yoqing.

Windows 10 qurilmasida parol oʻrnatish yoki oʻzgartirish uchun ushbu qoʻllanmaga amal qiling.

Har safar qurilmadan foydalanishni to’xtatganingizda qurilma ekranini o’zingiz qo’lda bloklashni unutmang.

Illustration showing the keyboard shortcuts to lock your computer on Windows and Mac

6. Kundalik vazifalar uchun cheklangan imtiyozli Foydalanuvchi Akkauntidan (hisobidan) foydalaning

Agar sizning o’z kompyuteringiz bor bo’lsa, undan Administrator hisobi bilan foydalanayotgan bo‘lsangiz kerak. Bunday qilish har doim ham to’g’ri emas. Agar siz administrator hisobidan foydalanganda zararli dastur bilan zararlangan ilovani oʻrnatsangiz, zararlangan biriktirmani ochsangiz yoki yanglish havolani bossangiz, bu harakatlar qurilmangiz yoki undagi maʼlumotlar uchun jiddiy oqibatlar olib kelishi mumkin.

Shuning uchun cheklangan imtiyozlarga ega alohida foydalanuvchi hisobini yaratish va undan kundalik vazifalar uchun foydalanish to’g’ri bo’ladi. Siz dastur o’rnatish kabi maxsus vazifalar uchun istalgan vaqtda kompyuteringizga Administrator hisobi orqali kirishingiz mumkin. Aybniqsa, kompyuteringizdan boshqalar ham foydalansa, alohida foydalanuvchi hisoblarini yaratish juda muhim.

7. Qurilmalaringizni ehtiyot qiling

Siz, ko‘pchilik o‘ylagandan ko’ra ko‘proq sodir bo‘luvchi kompyuterni yo‘qotish yoki uning o‘g‘irlanishi kabi hodisalardan ham kompyuteringizni himoyalashingiz, oldini olishga harakat qilishingiz kerak. Hech qachon qurilmangizni o’g’irlanishi mumkin bo’lgan joyda qarovsiz qoldirmang. Sayohat qilganingizda yoki aeroport, davlat idoralari va elchixonalar kabi raqamli qurilmalarni topshirishingiz soʻraladigan joylarga borayotganingizda yaxshisi qurilmalaringizni uyda qoldiring. Agar siz noutbukingizni o‘quv muassasalari kabi jamoat joylarida tez-tez ishlatsangiz, qulflanadigan xavfsizlik kabelini sotib olib foydalanishingiz ayni muaddao.