Qurilmangizdagi ma’lumotlarni himoyalash

Sizning shaxsiy va ish raqamli qurilmalaringizda juda ko‘p ma’lumotlar saqlanadi. Uyingizning har burchagida yotgan noutbuk, mobil telefon, planshet, tashqi qattiq disk va barcha USB fleshkalarda matnli hujjat, surat, video, audio va boshqa ko’rinishdagi turli xil ma’lumotlar saqlangan. Ehtimol, bu qurilmalarda siz oʻchirilgan deb hisoblagan fayllar hali ham saqlanib turibdi.
Yo’qligingizda kimdir fayllaringizni ochib ko’rishiga qanday qaraysiz? Shaxsiy yoki professional fayllaringiz saqlangan qurilmani kimdir o’g’irlasa-chi? Yoki qurilmangizni yo‘qotib qo‘ysangiz nima bo’ladi? Qurilmangiz ishdan chiqib hamma qimmatli ma’lumotlaringizdan ayrilsangiz-chi? Qimmatli maʼlumotlaringiz xavfsizligini ta’minlash uchun shaxsiy maʼlumotlar gigiyenasiga oid ushbu maslahatlarimizga amal qiling.
1. Qurilmalaringizni ehtiyot qiling
Bir qarashda hammaga ravshan tuyulsa-da, raqamli ma’lumotlaringizni himoya qilish uchun birinchi navbatda amalga oshirilishi kerak bo’lgan narsa bu qurilmangizni o’zini ehtiyot qilishingizdir. Noutbuk, mobil telefon, planshet yoki tashqi saqlash qurilmasini yo’qotishingiz mumkin yoki qurilmalaringizni kimdir o’g’irlashi mumkin. Qurilmangiz qo’liga tushgan shaxslar sizning maxfiy fayllaringiz yoki qurilmangizdagi shaxsiyatingizga ta’luqli ma’lumotlaringizga kirishi mumkin.
Shuning uchun raqamli qurilmalaringizni ulardan foydalanmayotganingizda xavfsiz va ishonchli joyda saqlang. Siz foydalanadigan barcha tashqi xotira qurilmalari, jumladan USB fleshkalari, CD va DVD disklari hisobini olib boring va ularni qulflangan joyda saqlang. Qurilmangizni hech qachon ular o‘g‘irlanishi mumkin bo‘lgan joyda qarovsiz qoldirmang. Sayohat qilganingizda yoki aeroport, davlat idoralari va elchixonalar kabi raqamli qurilmalarni topshirishingiz soʻraladigan joylarga borayotganingizda yaxshisi qurilmalaringizni uyda qoldiring. Agar siz noutbukingizni o‘quv muassasalari kabi jamoat joylarida tez-tez ishlatsangiz, Kensington kabelini (qulfli xavfsizlik kabelini) sotib olib foydalanishingiz ayni muaddao.
2. Qurilmalaringizni parol bilan himoyalang
Raqamli qurilmalaringizni kuchli parollar bilan himoyalash, qurilmalarni qarovsiz qoldirganingizda hech kim fayllaringizga tegmasligini kafolaydi. Shuningdek, parol o’rnatish qurilmani yo’qotib qo’yganingizda yoki u o’g’irlangan hollarda ma’lumotlaringiz uchun, mukammal bo’lsamasa-da, hech bo’lmaganda qandaydir himoya bo’ladi.
Foydalanilmaganida qisqa muddatda barcha qurilmalaringizda avtomatik ekran qulfi yoqilishi rejimini sozlang. Har safar qurilmadan foydalanishni to’xtatganingizda qurilma ekranini o’zingiz qo’lda bloklashni unutmang.
3. Maxfiy ma’lumotlaringizni shifrlang
Agar siz qurilmangizni yo’qotib qo’ysangiz yoki u o’g’irlansa, begonalar qurilmangizdagi hamma maxfiy yoki shaxsiy ma’lumotlaringizga kirishi mumkin. Qurilmalaringizdagi maxfiy maʼlumotlarni himoyalashning eng yaxshi yo’li ularni shifrlashdir. Shifrlash yordamida qurilmadagi barcha ma’lumotlarni butunlay o’qib bo’lmaydigan qilish mumkin. Shifrlangan ma’lumotlarni faqat parolga yoki shifrni ochish kalitiga ega bo’lgan shaxs o’qishi mumkin.
Windows 10 yoki Mac qurilmalarini shifrlash uchun ushbu koʻrsatmalarga amal qiling.
4. Ma’lumotlaringizni zaxiralang
Agar qurilmangizdan biri yo’qolsa yoki o’g’irlansa, undagi fayllaringizni kimdir ko’ra olishi sodir bo’lishi mumkin bo’lgan yagona xavf emas. Bundan tashqari, qurilmangizdagi yagona nusxada bo’lgan muhim fayllarni ham yo’qotishingiz mumkin. Shunda sizda ularni qayta tiklash imkoniyati ham bo’lmaydi. Shuningdek, qurilmadagi ishdan chiqsa yoki to’lov talab qiluvchi dastur hujumi natijasida qurilmangiz shifrlanib qo’lishi natijasida ham siz ma’lumotlarni yo’qotishingiz mumkin.
Muhim ma’lumotlaringizni yo’qotishni oldini olishni eng yaxshi usuli bu ma’lumotlaringizning zaxira nusxasini avtomatik ravishda yoki tez-tez va muntazam ravishda yaratib borishdir. Windows 10 va Mac qurilmalarida ma’lumotlarni avtomatik ravishda zaxiralashni sozlash uchun ushbu ko‘rsatmalarga amal qiling.
5. Antivirusdan foydalaning va operatsion tizimni yangilab turing
Yaxshi antivirus dasturi qurilmalaringizni ma’lumotlaringizni o’g’irlashi, zararlashi yoki yo’q qilishi mumkin bo’lgan zararli dasturlardan himoya qiladi. Litsenziyalangan antivirus dasturidan foydalaning. Siz Windows foydalanuvchisi bo’lsangiz, biling, bu operatsion tizimning o’z ichki, samarali ishlovchi antivirus vositasi bor, bu – Microsoft Defender.
Shuningdek, antivirus dasturi va operatsion tizimni doimiy ravishda yangilab turing. Eng yaxshisi, dasturni avtomatik ravishda yangilanadigan qilib sozlang.
6. Fayllarni xavfsiz o’chiring
Kompyuter, mobil qurilma yoki tashqi saqlash qurilmasidagi fayllar o’chirilganda, fayllar butkul o’chib ketmaydi. O‘chirilgan ma’lumotlar qurilmada qoladi va ularni qayta tiklash mumkin. Fayllarning butkul o’chirilishini ta’minlashning yagona yo’li o’chirilgan ma’lumotlar ustidan tasodifiy kod yozadigan maxsus dasturlardan foydalanishdir. Agar siz ma’lumotlaringizni zaxiralasangiz, maxfiy fayllarni nafaqat ular saqlangan asosiy qurilmalardan, balki zaxira nusxalaridan ham o’chirishingiz kerak.
Oddiy qattiq diskdan ma’lumotlarni xavfsiz va butunlay o’chirish uchun bepul va ochiq manbali BleachBit yordamchi dasturini qanday o’rnatish va foydalanish haqidagi ushbu ko’rsatmalarga amal qiling. Afsuski, agar siz SSD disklaridan ( shuningdek, flesh-disklar deb ham ataladi) foydalanayotgan bo’lsangiz, ulardan barcha ma’lumotlarni har doim ham butunlay izsiz o’chirib tashlay olmaysiz.
7. Eski qurilmalarni xavfsiz tarzda chiqitga chiqaring
Eski kompyuter, mobil qurilma yoki boshqa ma’lumot saqlash moslamasini sotish, qayta ishlashga topshirish yoki chiqindiga tashlashdan oldin, undagi barcha shaxsiy yoki maxfiy ma’lumotlarni butunlay o’chiring. Maʼlumotlarni xavfsiz va butunlay oʻchirish uchun qurilmangizni ishonchli vosita bilan tozalang, keyin zavod sozlamalarini tiklang.
Agar siz eski CD, DVD, SSD xotira qurilmalari, USB xotira kartasi yoki boshqa ma’lumot saqlash qurilmalarini chiqindiga tashlab yuborayotgan bo’lsangiz, ularni bolg’a yoki boshqa vositalar yordamida sindiring.
8. Maxfiy ma’lumotlarni Internetda joylamang va bo’lishmang
Maxfiy ma’lumotlaringizni himoyalashni eng yaxshi usuli ularni hech kim bilan bo’lishmaslikdir. Raqamli fayllarni boshqalar bilan Internetda bo’lishganingizdan so’ng, siz ular ustidan to’liq nazoratni yo’qotasiz.
Maxfiy va shaxsiy maʼlumotlarni boshqalar bilan xavfsiz almashish haqidagi ushbu koʻrsatmalarga amal qiling.