Raqamli ma’lumotlar nima?Shaxsiy raqamli ma’lumotlar nima?

Illustration of a person showing him doing many tasks on computer.

Hozir hayotimizning barcha jabhalarini raqamli ma’lumotlar qamrab olgan. Har safar Internetda video tomosha qilganingizda, onlayn maqola o’qiganingizda yoki elektron pochta xabari olganingizda, siz boshqalar tomonidan yaratilgan raqamli ma’lumotlardan foydalanasiz. Va har safar kimgadir xabar yuborganingizda, kompyuteringizda fayl ustida ishlaganingizda yoki ijtimoiy tarmoqlarda biror ma’lumot joylashtirganingizda, siz o’z raqamli ma’lumotlaringizni yaratasiz.

Tobora rivojlanib va bog’lanib borayotgan dunyoda ushbu ma’lumotlar qimmatli mahsulot hisoblanadi. Ularni jamlanadi, tahlil qilinadi va ulardan Internetda sizga qandaydir mahsulot sotishdan tortib, pullaringizni o‘g‘irlashga unirishgacha bo‘lgan turli xil maqsadlarda foydalaniladi. Eng qimmatli ma’lumotlaringizni himoyalash uchun siz avvalambor ma’lumotlar nima ekanligini, ular qanday yaratilishi, o’chirilishi va nihoyat ularga kimlar qiziqishi mumkinligi haqida bilishingiz zarur.

Raqamli ma’lumotlar nima?

Kompyuter, smartfon yoki tashqi ma’lumotlar saqlash qurilmasi tomonidan ishlov beriladigan yoki ularda saqlanadigan har qanday ma’lumot raqamli ma’lumotlardir. Siz ushbu ma’lumotni matnli hujjat, video, audio, tasvir, dasturiy ta’minotlar kabi ko’rinishlarda yaratasiz va ulardan foydalanasiz. Ammo, eng asosiy darajada, bu ma’lumotlarning barchasi ikkilik kod (бинарный код)deb ataladigan nol va birlarning turli xil ketma-ketligidir.

Barcha kompyuterlar va smartfonlar mana shu formatda ishlashi sababli, raqamli ma’lumotlarni bu qurilmalarning har qaysisida yaratish, qayta ishlash va saqlash mumkin. Bundan tashqari, ushbu raqamli ma’lumotlar bir qurilmadan boshqasiga o’tkazilishi yoki Internet orqali millionlab boshqa foydalanuvchilarga taqdim etilishi mumkin.

Siz ba’zi bir shaxsiy ma’lumotlaringiz xavfsizligiga alohida e’tibor berishingiz muhim. Masalan, tug’ilgan kuningiz, manzilingiz, pasport raqamingiz, haydovchilik guvohnomangiz raqami, ijtimoiy sug’urta va bank hisobi raqamlari, tibbiy ma’lumotlar va boshqalar. Sizga tegishli va sizning shaxsingizni aniqlash uchun ishlatilishi mumkin bo’lgan har qanday ma’lumotlar shaxsiy ma’lumotlardir.

Raqamli ma’lumotlar qanday yaratiladi?

Har safar kompyuter yoki mobil qurilmadan foydalanganda siz ma’lumotlar yaratasiz. Ushbu ma’lumotlarning ba’zilari sizga ko’rinarli, masalan, yangi Word hujjatini yaratganingizda, ijtimoiy tarmoqlarda biror ma’lumot joylashtirganingizda yoki mobil telefoningizda rasmga tushganingizda, ularni ko’rib turasiz.

Ammo raqamli qurilmadan har safar foydalanganda siz yaratadigan ma’lumotlarning aksariyati sizga ko’rinmaydi. Misol uchun, kompyuteringiz siz uni qachon ishlatganingiz, qaysi ilovalardan foydalanayotganingiz va qancha vaqt davomida foydalanganingizni batafsil qayd qilib boradi. Agar siz oddiy foydalanuvchi bo’lsangiz, Internet brauzeringiz siz foydalanadigan vebsaytlarni, ularning har birida sarflagan vaqtingizni, siz bosgan har bir havola va siz yuklab olgan har bir faylni kuzatib boradi. Smartfoningiz siz olgan har bir surat qachon va qayerda suratga olganligi haqidagi ma’lumotlarni yozib boradi. Toki siz qurilmangizdagi ushbu ma’lumotlarni qayerdan qidirishni bilmas ekansiz, ular sizga ko’rinmasligicha qoladi.

Raqamli ma’lumotlar qanday o‘chiriladi?

Bir qarashda juda oson ko’rinsa-da, aslida ma’lumotlarni to’liq o’chirib tashlash unchaik ham oddiy emas. «O’chirish» tugmasini bosganingizda yoki faylni chiqindi qutisiga (Windows uchun Recycle Bin, Apple uchun Trash) ko’chirganingizda, operatsion tizim fikringizni o‘zgartirishingiz mumkinligini hisobga olgan holda o’chirilgan faylni bir muncha vaqt o’sha yerda saqlaydi. Qurilmangizga kirish huquqiga ega har bir shaxs bu faylni osongina topishi mumkin.

Hattoki Chiqindi qutisini bo’shatganingizda yoki uni chetlab o‘tgan holda fayllarni o‘chirganingizda ham bu fayllar qurilmangizdan to’liq o’chirilmaydi. Fayllarni shu tarzda o’chirsangiz, qurilmangizdagi operatsion tizim bu fayllar endi kerak emasligi haqida signal oladi va ularni ko’rsatishni to’xtatadi. Aslida bu fayllar butunlay o’chirilmaydi. Operatsion tizim qattiq diskdan o’chirilgan fayllar o’rnini bo’sh joy deb belgilaydi va bu bo’sh joyni faqat boshqa narsa uchun kerak bo’lgandagina ishlatadi. Ya’ni yangi ma’lumotlarni mana shu bo’sh joyga saqlaydi, ustiga yangi ma’lumotlar yozilganligi uchun o’chirilgan fayllar butunlay o’chib ketadi. Bu jarayon sodir bo’lgunga qadar, «o’chirilgan» fayllar qurilmangizda turadi. Ularni qayta tiklash unchalik ham qiyin emas.

Mavjud maxsus vositalar yordamida siz qurilmadan ma’lumotlarni qayta tiklash imkoniyatisiz o’chirishingiz ya’ni qattiq diskdagi ular jismonan joylashgan joyga birlar va nollarning tasodifiy ketma-ketligini yozish orqali («butkul o’chirish») o’chirishingiz mumkin. Qattiq diskingizdagi fayllarni xavfsiz va butkul o’chirib tashlaydigan bepul BleachBit yordamchi dasturini o’rnatish va undan foydalanishni o’rganish uchun ushbu bosqichma-bosqich ko’rsatmalarga amal qiling.

Siz Internet orqali bo’lishgan ma’lumotlarni o’chirish ancha qiyin. Ijtimoiy tarmoqlarda fotosuratlar joylashtirganingizda, onlayn xizmatlarda ro’yxatdan o’tganingizda, messenjerlarda hujjat almashganingizda yoki fayl almashish xizmatlaridan foydalanib video fayllar yuborganingizda, kimlarda ushbu ma’lumotlarning nusxasi qolayotganini har doim ham kuzata olmasligingiz mumkin.

Sizning ma’lumotlaringiz kimlarga kerak?

Qurilmangizdagi maʼlumotlarga kimlar qiziqishi mumkinligini hech qachon aniq bilib boʻlmaydi. Jismoniy shaxslar, guruhlar yoki tashkilotlar bir qancha sabablarga ko’ra masalan, bank kartangiz ma’lumotlarini o’g’irlash yoki shantaj maqsadida shaxsiy fotosurat va videolarni qo’lga kiritish uchun ushbu ma’lumotlarga kirishni xohlashi mumkin. Sizning ma’lumotlaringizga kirishdan kim qanday manfaatdor bo’lishi mumkinligini aniq bila olmaganingiz sababli, barcha kompyuter, mobil qurilma va tashqi saqlash qurilmalaringiz xavfsizligi haqida doimo g’amxo’rlik qilishingiz to’g’ri bo’ladi.

Bundan tashqari, kompyuteringiz yoki mobil qurilmangizda internet saytlarini ko’rib chiqishda siz ortingizdan juda ko’p ma’lumotlar qoldirasiz. Internetdan foydalanganingizda o’zingiz haqingizda qanday ma’lumotlar qoldirishingiz, bu ma’lumotlar qanday ishlatilishini va raqamli izlaringizni kamaytirish uchun nima qilishingiz mumkinligini tushunishingiz muhim.